“YOSHLAR MARKAZI – YOSHLAR MASKANI” MAVZUSIDA MATBUOT ANJUMANI BO’LIB O’TDI




“YOSHLAR MARKAZI – YOSHLAR MASKANI” MAVZUSIDA MATBUOT ANJUMANI BO’LIB O’TDI

Joriy yilning 25-iyun kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yoshlar markazi faoliyatining 2018 yil 30 iyundan 2019 yil 30 iyun kuniga qadar yillik sarhisobiga bag‘ishlangan “YOSHLAR MARKAZI –YOSHLAR MASKANI” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan matbuot anjumani davomida bugungi kunda Markazning hududiy bo‘linmalarida tashkil etilgan to‘garaklar qanday tarzda tashkil etilganligi, ularning sifati va yoshlarning to‘garaklarga jalb etilish darajasi, yoshlar markazi bir yillik ish faoliyati davomida erishilgan natijalari, faoliyat davomida yo‘la qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari kabi masalalar batafsil muhokama qilindi. Jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi PF-5106-sonli farmonida belgilangan yoshlarni, ayniqsa, ularning uyushmagan qismini 6 oygacha bo‘lgan muddatda kasb-hunarga to‘lovsiz o‘qitish markazlarini tashkil etish belgilangan. Shu asnoda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida bepul to‘garaklar faoliyati tashkil etilgan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yoshlar markazi 2017 yil 21 sentyabrda 768-son bilan qayta davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining 2018 yil 23 yanvardagi № 01-04/176-sonli qaroriga ko‘ra Respublikamizning barcha hududlarida Markazning hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan.

2019 yilning o‘tgan davri mobaynida Markazning hududiy bo‘linmalarida tashkil etilgan to‘garaklarga 26 ta yo‘nalishdagi 2628 ta to‘garak guruhlarida 79078 nafar yoshlar qamrab olingan.

To‘garaklarga qamrab olingan yoshlarning 723 nafari Chin yetim va yarim yetim yoshlar, 7410 nafari bandligi ta’minlanmagan yoshlar, 262 nafari IIB idoralari ro‘yxatida turuvchi yoshlar, 585 nafari imkoniyati cheklangan yoshlar, 3328 nafari kam ta’minlangan oila farzandlari, 52 nafari diniy ekstrimizm oqimlariga a’zo oila farzandlari hamda 391 nafari xorijda ishlab qaytgan yoshlarni tashkil etadi.

Shuningdek, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar Markazning hududiy bo‘linmalari tomonidan tashkil etilgan to‘garaklarning 47556 nafar (2018 yilda 83484 nafar) bitiruvchi yoshlari bo‘lib, shundan 2576 nafar yoshlarning (2018 yilda 4449 nafar) bandligi ta’minlangan, 598 nafari (2018 yilda 1440 nafar) o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Respublika yoshlar markazi faoliyati bugungi kunga qadar ommaviy axborot vositalari radio, televideniya, gazeta va jurnallar hamda turli ijtimoiy tarmoq sahifalarda 21397 marotaba yoritildi. Shundan yoshlar markazlari faoliyatini tasvirlovchi 63 ta infografik ma’lumotlardir.

Shuningdek, Respublika yoshlar markazi faoliyati Markazning internet ijtimoiy sahifalarida doimiy ravishda mahalliy va respublika bo‘yicha maqolalar va yangiliklar e’lon qilinib borilmoqda, bundan tashqari “MY5”, “Yoshlar”, “O‘zbekiston 24” hamda viloyat telekanallari va radiokanallari orqali ham keng yoritilib borilmoqda.

2018-2019 o‘quv yili test sinoavlari natijalariga ko‘ra Respublika yoshlar markazi tomonidan tashkil etilgan to‘garaklarda taxsil olgan yoshlardan 84 nafari Oliy talim muassasalariga davlat granti va to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yoshlar markazi tomonidan 2019 yilning 1 fevralida 19/1-qq-sonli qo‘shma qaror imzolangan. Ushbu qo‘shma qarorning ijrosini taminlash maqsadida Respublika miqyosida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida ahloqan qayta tarbiyalash, ijtimoiy ko‘mak va g‘amxo‘rlikka muhtoj yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish orqali amaliy yordam berish maqsadida kasb-hunar, sport, ijod, xorijiy tillar va ijtimoiy yo‘nalishlarida jami: 11 ta to‘garaklar faoliyat yuritib kelmoqda, mazkur to‘garaklarda 350 nafardan ortiq jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar o‘zlariga kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib kelmoqdalar.

Xususan, ayni vaqtda Xalq ta’limi vazirligi va Respublika yoshlar markazi hamkorligida Respublika bo‘yicha 9 ta Mehribonlik uylari va imkoniyati cheklangan maktab internatlarida jami 18 ta yuqoridagi kabi to‘garaklar tashkil qilingan bo‘lib, bugungi kunga kelib Mehribonlik uylarida faoliyat olib borayotgan to‘garaklarda jami 257 nafar yoshlar (2018 yilda 182 nafar), hamda imkoniyati cheklangan maktab interlatlarida faoliyat yuritayotgan to‘garaklarda esa 140 nafar (2018 yil holatiga ko‘ra 92 nafar) yoshlar malakali pedagoglardan chet tili va bir qator yo‘nalishlarda sifatli bilim olib kelmoqdalar.

Respublika yoshlar markazi hududiy bo‘linmalarida bugungi kunda 820 nafar malakali to‘garak rahbarlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 228 nafari oliy va 592 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislardir. Shuningdek, 125 nafar birinchi ish joyi hisoblangan xodimlar yoshlarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini berib kelmoqda.

Shuningdek, matbuot anjumanida to’garak rahbarlari va to’garak a’zolari tomonidan savol, taklif hamda fikr mulohazalar aytib o’tildi. To’garak a’zolarimiz tomonidan turli ko’rgazmalar tashkil etildi.

To‘garaklarga qatnashishni istagan 10 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘zi istiqomad qilayotgan hududdagi Yoshlar Markazidagi to‘garaklarga a’zo bo‘lishi va mutlaqo BEPUL tarzda ilm, kasb-hunar o‘rganishlari hamda sport bilan shug‘ullanishlari mumkin. Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar uchun hududiy bo‘linmalarda sayyor to‘garaklar ham tashkil etilgan. To‘garaklar dars mashg‘ulotlari har kuni 9:00 dan 18:00 gacha davom etadi.